Mehr-muruvvatdan ko‘ngillar shodon
Mehr-muruvvatdan ko‘ngillar shodon

3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan yurtimizda an’anaviy tarzda har yili 30 noyabrdan 30 dekabrga qadar o‘tkaziladigan “Mehr-muruvvat oyligi” doirasidagi keng qamrovli xayrli ishlar yuzlab hamyurtlarimizning qalbida ertangi kunga ishonch va rozilik hissini oshirmoqda.
Namangan viloyatida ham bugundan e’tiboran ushbu oylikni samarali tashkil etish yuzasidan belgilangan aniq manzilli chora-tadbirlarga uyushqoqlik bilan kirishildi. Bunda nogironligi bor fuqarolarga e’tiborni yanada kuchaytirib, ularni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, xususan, bepul tibbiy xizmat bilan qamrab olish, nogironlik aravachalari, protez-ortopediya vositalari bilan ta’minlashga alohida ahamiyat qaratilmoqda.
Xalqaro nogironlar kuni oldidan “Mahalla” xayriya jamoat fondi Namangan viloyat bo‘limi tomonidan jismoniy imkoniyati cheklangan qatlam vakillarining ahvoli o‘rganib chiqildi va ulardan 10 nafariga maxsus aravacha, 12 nafariga eshitish moslamalari topshirildi.
Ana shunday g‘amxo‘rlikdan bahramand bo‘lgan Uychi tuman “Mashad” mahallasida yashovchi birinchi guruh nogironi Sayfiddin Patxiddinovning oilasi nihoyatda xursand. Chunki xonadon farzandiga maxsus moslama berilganidan so‘ng uning eshitish qobiliyati anchagina yaxshilandi. Homiylar bu oilaga oziq-ovqat va kiyim-kechaklar ham taqdim etishdi.
Yangi Namangan tumanidagi “Istiqbol” mahallasida istiqomat qiluvchi Zokirjon Toshboyevning otasi vafot etgan. Onasi bilan yashayotgan bu yigit oilada yolg‘iz o‘g‘il bo‘lib, qurilishda ishlagan vaqtida baxtsiz hodisa tufayli ikki oyog‘iga beton tushib ketgan. Mana, bir yildan buyon to‘shakka mixlanib qolgan Zokirjon doimiy davolanib turadi, yana jarrohlik amaliyotiga muhtoj. Ushbu oila o‘rganilganida Zokirjon onasining ro‘zg‘or ishlarida qiynalayotganini aytib, kir yuvish mashinasi olib berishda yordam so‘ragadi. Jamoat fondi tomonidan oilaga ushbu maishiy texnikaga qo‘shib oziq-ovqat va kiyim-kechaklar sovg‘a qilindi.
Davlatobod tumani “Yelxon” mahallasida yashovchi Abdug‘ani Cho‘tboyev 2016 yilda insult bo‘lib yotib qolgan. Birinchi guruh nogironi bo‘lgan bu inson ham shu kunlarda maxsus aravacha bilan ta’minlandi. Xuddi shunday, To‘raqo‘rg‘on tumani “Qashg‘arguzar” mahallasidan Shokirjon ota Ahmadjonov o‘ziga ko‘rsatilgan muruvvatdan mamnun. Yaqinda taqdim qilingan nogironlik aravachasida ko‘cha-ko‘yga bemalol chiqyapti.
Bu singari insonparvarlik yordamidan ko‘ngli ko‘tarilgan ko‘plab insonlarning qo‘li duoda. “Mehr-muruvvat oyligi” doirasida “Mahalla” fondi tomonidan yana yuzta xonadonga tashrif buyurish, ularga moddiy ko‘mak va oziq-ovqat mahsulotlari topshirish rejalashtirilgan. Bu birgina fondning ezgu maqsadi. Unga boshqa xayrixoh tashkilotlar, homiylar harakati ham qo‘shilsa, muruvvatdan bahramand bo‘ladiganlar salmog‘i bir necha o‘n baravar ortadi. E’tirofli jihati, xayrli ishlarga saxovatli tadbirkorlar ham faol bosh qo‘shmoqda. Masalan, Namangan shahridagi “Grand tekstil savdo” mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘z korxonasida tayyorlangan tekstil mahsulotlarini “Mahalla” xayriya jamoat fondi orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarga taqdim etayotir.
Bugun “Mehr va muruvvat oyligi” tadbirlari viloyatning barcha shahar va tumanlarida keng miqyosda boshlab yuborildi.
Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq so‘zi”
Tadbirlar taqvimi
Dsh | Ssh | Chsh | Psh | Jm | Shn | Yak |