Xorazmda imkoniyati cheklanganlar holidan xabar olindi
Xorazmda imkoniyati cheklanganlar holidan xabar olindi

“Mahalla” xayriya jamoat fondi Xorazm viloyat bo‘limi, uning shahar va tuman bo‘linmalari tomonidan 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan mehr-saxovat tadbirlari o‘tkazildi.
Xayriya tadbirlari davlatimiz rahbarining 2017 yil 1 dekabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, unda belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etildi.
Urganch shahrida o‘tkazilgan madaniy-ma’rifiy tadbirga Ko‘zi ojizlar jamiyati a’zolari, nogironligi bor bolalar va katta yoshlilar taklif etilib, dasturxon yozildi. So‘ng ana shu toifadagi fuqarolarga “Mahalla” xayriya jamoat fondi Xorazm viloyat boshqaruvi, uning Urganch shahar bo‘linmasi tomonidan sovg‘alar topshirildi.
Fondning viloyat va Urganch shahar bo‘linmasi xodimlari “Muruvvat” va “Saxovat” uylariga borib, betobligi sabab uyda yotib qolgan, nogironligi bor fuqarolar holidan xabar oldi.
– Ular to‘shakda yoki nogironlik aravachasida hayot kechiradi, — deydi fondning viloyat boshqaruvi raisi Altibay Radjapov. — Ammo oramizda moddiy ko‘makdan ko‘ra ma’naviy yordamga ehtiyoji katta insonlar ham bor. Biz ana shunday kishilar holidan xabar oldik. Ularga fond mablag‘lari hisobidan yordam ko‘rsatildi.
Bu boradagi tadbirlar muntazam o‘tkazilyapti. Yakka-yolg‘iz, nogironligi bor fuqarolar holidan xabar olinib, ularga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatilmoqda. Bu esa, ana shu toifadagi insonlarga ruhiy dalda bo‘lib, o‘zlarini yolg‘iz va e’tibordan chetda emasligini his etishini ta’minlayapti.
O’zA
Tadbirlar taqvimi
Dsh | Ssh | Chsh | Psh | Jm | Shn | Yak |