Yurt sarhadlarini qo‘riqlashda qurbon bo‘lgan jangchi oilasi yo‘qlandi
Yurt sarhadlarini qo‘riqlashda qurbon bo‘lgan jangchi oilasi yo‘qlandi

Vatanimiz tinchligi, mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, sarhadlarimizni qo‘riqlash yo‘lida jonini fido qilgan o‘g‘lonlar aslo unutilmaydi, ularning pok ruhlari haqqiga hamisha duo qilinadi.
Namangan viloyatining Namangan tumanida mard va jasur Kamoliddin Toshpo‘latovni ko‘pchilik yaxshi sifatlar bilan esga oladi. Tumandagi 24-maktabni bitirib, harbiy xizmatni tanlagan o‘ktam yigit Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanidagi harbiy qismlardan birida Vatan oldidagi burchini sharaf bilan o‘tadi. U 2000 yilda yurtimiz sarhadlariga g‘arazli niyatlarda bostirib kirmoqchi bo‘lgan jangarilarga mardlarcha qarshilik qilib, qahramonlarcha halok bo‘ldi.
Bugungi kunda Kamoliddin nomini abadiylashtirish maqsadida o‘zi o‘qigan maktabda uning byusti o‘rnatilgan va yashagan ko‘chasiga nomi berilgan. Quvonarlisi, jasur harbiyning ikki o‘g‘li ota yo‘lidan borishga ahd qilib, mudofaa kasbi sirlarini o‘rganib bormoqda.
Yurtimizda Kamoliddin kabi o‘z jonini shu muqaddas el uchun qurbon qilgan mard o‘g‘lonlarning xotirasini yod etish, bugungi kunda sarhadlarimizda kunni tunga ulab, sharaf bilan xizmat qilayotgan harbiylarning matonatini o‘sib kelayotgan yosh avlod vakillariga keng targ‘ib etishda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning o‘rni beqiyos.
“Armiya va xalq – bir tanu bir jon!” degan olijanob g‘oya va amaliy harakat barcha bo‘g‘indagi hokimiyat va boshqaruv idoralari, mahalla, yoshlar, xotin-qizlar, nuroniylar tashkilotlari, ta’lim-tarbiya muassasalari faoliyatini, keng jamoatchilik hayotini qamrab olmoqda. Bu esa Vatan himoyasi chindan ham barchamizning nafaqat vazifamiz, balki sharafli burchimizga aylanib borayotganidan dalolat.
- Turmush o‘rtog‘im bilan faxrlanaman, Vatanni himoya qilish yo‘lida jonini ayamagan, - deydi Kamoliddinning turmush o‘rtog‘i Gulnoza Nuriddinova. - Ikki nafar farzandimizni otasiz voyaga yetkazish oson bo‘lmadi, lekin qilingan mehnat samara bermoqda. Dilbandlarim ilm oldi, kasb egallashmoqda. Bayram arafasida viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi, viloyat “Mahalla” xayriya jamoat fondi, tuman hokimligidan kelib ko‘nglimni ko‘tarishdi. Oilaviy muammolarni surishtirishdi. E’tibordan chetda qolmaganligimiz uchun katta rahmat.
Oqilxon Dadaboyev, O’zA
Tadbirlar taqvimi
Dsh | Ssh | Chsh | Psh | Jm | Shn | Yak |