Jamg‘arma ko‘magidan aholi mamnun
Jamg‘arma ko‘magidan aholi mamnun

“Mahalla” xayriya jamoat fondining Andijon viloyati bo‘limi va uning tuman, shahar bo‘linmalari huzuridagi “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armalari tomonidan yakunlangan 2022 yilda 22 ming 844 ta ehtiyojmand, 7 ming 290 ta “Temir daftar” ga kiritilgan oilani, shuningdek, 1 ming 188 nafar “Ayollar daftari” ga kiritilgan xotin-qizni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 27 milliard 803 million so‘mdan ziyod miqdorda yordam ko‘rsatildi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda ehtiyojmand, kam ta’minlangan oilalar, nogironlar va qiyin sharoitda yashayotgan aholi vakillariga ko‘maklashish, ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etishda “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi faoliyati muhim ahamiyat kasb etmoqda.
– O’zgalarga mehr-saxovat ko‘rsatish, muhtojlarga ko‘mak berish xalqimizning asrlar osha davom etib kelayotgan o‘lmas qadriyatlaridan biridir, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Andijon viloyati bo‘limi boshqaruv raisi Baxtiyorjon Tursunov. – Bugungi kunga kelib ana shu qadriyat yurtimizda davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Buni birgina Andijon viloyatida 2022 yil davomida “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi tomonidan olib borilgan ishlar misolida ham ko‘rish mumkin.
Jumladan, viloyatda jamg‘arma tomonidan 8 ming 173 ta ehtiyojmand va “Temir daftar” ga kiritilgan oilalar hamda 557 nafar “Ayollar daftari” ga kiritilgan xotin-qizga 12 milliard 824 million 360 ming so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi.
– Men bir necha yildan buyon jigar tserrozi xastaligi bilan og‘riyman, – deydi Andijon tumani, Mustaqillik mahallasida yashovchi Dilshodbek Yuldashev. – Shifokorlar xastalikdan qutilishim uchun xorijga borib jarrohlik operatsiyasini o‘tkazish lozim degan xulosaga keldi. Xorijga borib operatsiya qildirish mahallaning “Temir daftari” ga kiritilgan, qiyin sharoitda yashayotgan oilamiz uchun imkonsiz edi. Shunda tanishlarimning maslahati bilan ko‘mak so‘rab, viloyat hokimiga murojaat qildim. Shukr, murojaatim e’tiborsiz qolmadi. Menga “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi viloyat bo‘limi tomonidan Hindiston davlatiga borib, jigar ko‘chirish operatsiyasini qildirishim uchun 140 million so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi. Ana shu e’tibor va yordam tufayli xastalikdan qutildim, oilam bag‘ridaman. Buning uchun mana shunday xayrli ishlarning boshidan turgan barcha insonlarga mingdan-ming rahmat.
Jamg‘armadan ko‘mak olib salomatligini tiklagan juda ko‘p yurtdoshlarimizni misol qilib keltirish mumkin. Bundan tashqari, o‘tgan yili 18 ming 540 ta ehtiyojmand va “Temir daftar” ga kiritilgan oilalar, “Ayollar daftari” ga kiritilgan ayollarga umumiy qiymati 6 milliard 753 million 135 ming so‘mlik kundalik iste’mol mahsulotlari tarqatildi. Shuningdek, 1 ming 683 ta ehtiyojmand va “Temir daftarga” kiritilgan oilalarga hamda 441 nafar “Ayollar daftari” ga kiritilgan opa-singillarimizga 5 milliard 866 million 484 ming so‘mlik dori vositalari va sog‘ligini tiklash uchun moddiy yordam ko‘rsatildi.
– Yong‘in tufayli yashash uyimizning asosiy qismi yonib ketgan edi, – deydi Asaka tumani Markayuz mahallasida yashovchi Oynura Sheraliyeva. – Bu ofat qiyin sharoitda yashayotgan oilamizni yanada mushkul ahvolga solib qo‘ydi. Ana shunday sharoitda “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi tuman bo‘linmasi tomonidan uyimizni ta’mirlash uchun ajratilgan 10 million so‘m jonimizga oro kirdi. Ana shu mablag‘, qolaversa, qarindosh-urug‘, mahalladoshlar ko‘magi bilan uyimizni tiklab oldik. Boshimizga kulfat tushganda ko‘rsatilgan yordamdan ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi.
Jamg‘arma tomonidan ehtiyojmand oilalar vakillari hamda “Ayollar daftari” ga kiritilgan ishsiz xotin-qizlar bandligini ta’minlash uchun ularga 293,1 million so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi. Yurtimizda aholining ehtiyojmand qatlamlariga ko‘rsatilayotgan bu kabi yordamlar, olib borilayotgan xayrli ishlar odamlarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga, hayotidan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qilmoqda.
F. UBAYDULLAYEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O’zA
Tadbirlar taqvimi
Dsh | Ssh | Chsh | Psh | Jm | Shn | Yak |