Namanganda mahalla kutubxonalariga navbatdagi kitoblar turkumi tarqatilmoqda
Namanganda mahalla kutubxonalariga navbatdagi kitoblar turkumi tarqatilmoqda

Davlatimiz rahbarining yangi yil arafasida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga va O’zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida 2023 yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar belgilanib, unda har bir mahalla o‘zining kutubxonasi, sport maydonchasiga ega bo‘lishi zarurligi alohida ta’kidlab o‘tilgan edi.
Namangan viloyatida ushbu dolzarb vazifa ijrosini bosqichma-bosqich amalga oshirishga kirishildi va 724 ta mahalla fuqarolar yig‘ini har biriga 40 donadan, jami 28 ming 960 dona kitob ajratildi.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan yetkazib berilgan adabiyotlar MFYlar huzuridagi ziyoxonalarga birin-ketin topshirilmoqda. Dastlabki “Kitoblar karvoni” erta tongda Uychi, Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlariga yetib bordi.
— Kitobdan yaxshi do‘st yo‘q dunyoda, — deydi Yangi Namangan tumanidagi “Chamanzor” MFY raisi Mahmuda Nasridinova. — Buni yig‘inimiz idorasida tashkil etilgan ikki mingdan ortiq kitob fondiga ega kutubxonamiz faoliyati misolida ham aytish mumkin. Qisqa vaqt ichida ushbu kutubxona a’zolari 500 kishidan ortdi. Bugun ziyoxonamizga taqdim etilgan adabiyotlar bilan fondimiz yanada boyidi. Keltirilgan yangi asarlar ham mahalladoshlarimizning ko‘ngil mulkiga aylanadi, albatta.
Kitoblar taqdimotida Oliy Majlis Senati a’zosi Ikromxon Najmiddinov, viloyat mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Ahmadjon Aloxo‘jayev, Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Musoxon Appaqov, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi raisi Ahmadjon Mukarramov, tuman hokimlari va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etmoqda.
Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq so‘zi”
Tadbirlar taqvimi
Dsh | Ssh | Chsh | Psh | Jm | Shn | Yak |